Oziq-ovqat xavfsizligi menejmenti tizimi bo‘yicha seminar
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida ISO 22000:2018 (HACCP) bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligi menejmenti tizimining menejeri/ichki auditori kursiga o‘qitish yuzasidan seminar o‘tkazilmoqda.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish maqsadida, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) texnik ko‘magida tashkil etildi.
Ushbu seminarda Sanepidqo‘mita va Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati boshqarmalari bo‘limlarining oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha faoliyat olib boruvchi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Seminarda oziq-ovqat sanoati sohasidagi xodimlar va menejerlar HASSP standartlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha muhim ma’lumotlar olishdi.
Seminar ishtirokchilari o‘z bilimlarini oshirish, yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lish va kelgusida HASSP tizimini samarali va xavfsiz joriy etishdagi amaliyotlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, seminarda HASSP tizimini joriy etishdagi asosiy qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish usullari haqida ham fikr almashildi.
Trening ishtirokchilari seminardan katta ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar yordamida HASSP tizimini samarali joriy etishga yordam beradigan zarur bilimlarga ega bo‘lishmoqda.