KOICA R&D o‘quv dasturining 4-bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi

Poytaxtimizda “Ilmiy izlanishlar, innovatsiyalar, yangi bilim va texnologiyalarni yaratish hamda ularni amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini rivojlantirish (R&D)” mavzusiga bag‘ishlangan o‘quv dasturining 4-bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Koryo universiteti va Sanepidqo‘mita hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda kasalliklar yukini kamaytirish hamda yuqumli kasalliklarga qarshi kurash tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarda Sanepidqo‘mita, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar davomida Koreya Respublikasidan yetakchi mutaxassislari — professorlar Chun Byung Chul, Yoon Young Kyung (epidemiologiya va yuqumli kasalliklar sohasi bo‘yicha) tomonidan yuqumli kasalliklarni boshqarish yo‘nalishida milliy tadqiqot salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, ilmiy maqolalar yozish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va treninglar o‘tkazildi.

Dastur doirasida ishtirokchilar Urganch davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan “Infeksiyalar va jamoat salomatligi: dolzarb muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ham faol qatnashdi. KOICA seksiyasi doirasida “Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishda global sog‘liqni saqlash hamkorligini mustahkamlash: strategiyalar, yondashuvlar va mexanizmlar” mavzusida 12 nafar ishtirokchi tomonidan 8 ta ilmiy taqdimot namoyish etildi.

Tadbir davomida yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish, zamonaviy diagnostika va profilaktika usullarini takomillashtirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish hamda mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

👉SanepidRC (https://t.me/sanepidrc)👈