“Yuqumli kasalliklarning elektron monitoring axborot tizimi”ni amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening

Bugungi kunda mamlakatimizda tizimli raqamlashtirish jarayonlari izchil davom ettirilib, barcha sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
🪩Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida elektron platformalar va raqamli xizmatlarni amaliyotga tatbiq etish ishlari bosqichma-bosqich kengayib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, yangi axborot tizimlarining samarali ishlashi ulardan foydalanuvchi mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalariga bevosita bog‘liq. Shu maqsadda joylarda soha xodimlarining raqamli bilimlarini oshirish, yangi elektron platformalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyatida “Yuqumli kasalliklarning elektron monitoring axborot tizimi” (YuKEM)ni amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan 2 kunlik seminar-trening o‘tkazildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) bilan hamkorlikda Xalqaro tibbiy sanitariya qoidalari(XTSQ)ni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organlari bilan o‘z vaqtida aloqa qilish sifatini oshirish uchun raqamli axborot almashinuvi tizimlaridan foydalanish, “Yuqumli kasalliklarning elektron monitoring axborot tizimi (YuKEM)”ni amaliyotga joriy etish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi.
Seminarda epidemiologlar, AKT mutaxassislari, infeksionist shifokorlar hamda tibbiyot xodimlari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida Sanepidqo‘mita tizimida faoliyat yurituvchi malakali mutaxassis-trenerlar tomonidan ishtirokchilarga YuKEM tizimining funksional imkoniyatlari, undan samarali foydalanish tartiblari, shuningdek, amaliyotda uchrayotgan texnik va tashkiliy masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar jarayonida tizim bilan ishlashning amaliy jihatlari ko‘rgazmali tarzda tushuntirilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi. Jonli muloqot ruhida o‘tgan seminar-treninglar soha xodimlariga faoliyat davomida uchrayotgan muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashish va ularning yechimlarini birgalikda muhokama qilish imkonini yaratdi.
Mazkur o‘quv-seminarlar YuKEM axborot tizimini hududlarda samarali joriy etish, sohada raqamli transformatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
👉SanepidRC (https://t.me/sanepidrc)👈



