Joriy yilning 18-19-noyabr kunlari Moskva shahrida  “Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yuqumli kasalliklarni oldini olish sohasida texnik yordam ko‘rsatish dasturi” doirasida konferensiya o‘tkazildi. Unda Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston Respublikalari vakillari ishtirok etdi.  

Konferensiyani o‘tkazishdan maqsad –  OIV/OITS, gepatitlar  va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi ustidan samarali nazoratni ta’minlashda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilgan ishlarni sarhisob qilishdan iborat bo‘ldi.

Konferensiyada Respublikamiz delegatsiyasi a’zolari nomidan Sanepidqo‘m rais maslahatchisi D.Kuziyeva so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasida OIV/OITS, gepatitlar  va boshqa yuqumli kasalliklar diagnostikasi va oldini olishda qilinayotgan ishlar bo‘yicha qisqacha tushuntirib o‘tdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori v.b. B.Ubaydullayev yurtimizda OIV/OITS, gepatitlar  va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar, shu bilan birga soha xodimlarining bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida faoliyat yuritayotgan markaz haqida to‘xtaldi.

Shu bilan birga Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan mutaxassislar ham so‘zga chiqib, OIV/OITSning oldini olish va bartaraf qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tishdi.

Konferensiya davomida boshqa mamlakatlarda bu boradagi holat va yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda diagnostika qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha taqdimot qilindi, virusli gepatitlarni davolash, kasallik yuqtirganlar bilan ishlash, migrantlar o‘rtasidagi ko‘riklar, hududlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashildi.

Shuningdek, konferensiyaning ikkinchi kunida Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan mutaxassislar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazining kursantlari uchun onlayn mahorat darslarini o‘tish bo‘yicha kelishib olindi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari tomonidan loyiha ishini yangi darajaga olib chiqish, ta’lim dasturlarini amalga oshirish, mobil klinikalar sonini ko‘paytirish, aholini emlash va virusli gepatitlar bo‘yicha yangi tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.