“Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusida malaka oshirish kurslari o’tkazildi

Bugungi kunda jahon hamjamiyati uchun biologik xavfsizlik masalasi juda dolzarb hisoblanadi. Yuqumli kasalliklarning tez tarqalishi, yangi patogenlarning paydo bo‘lishi va biologik tahdidlarning global miqyosda kuchayishi bioxavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlashni yanada talab etmoqda. Shu bois aholi salomatligini muhofaza qilish, xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish juda muhim.

Aynan shu maqsadda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) hamkorligida Sanepidqo‘mning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy bo‘lim mutaxassislari uchun “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Kursning dolzarbligi shundaki, u mutaxassislarni biologik tahdidlar sharoitida zamonaviy yondashuvlar asosida ishlashga tayyorlaydi, xavflarni boshqarish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Mazkur kurslarda 100 dan ortiq mutaxassis xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyotlar asosida o‘z bilimlarini mustahkamladi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar biologik xavf darajalari, bioxavfsizlik tamoyillari, xavfli infeksiyalar bilan ishlashda qo‘llaniladigan me’yorlar hamda global biologik tahdidlarga javob berish mexanizmlari bilan tanishdilar. Bu esa hududlarda infeksiyalarga qarshi barqaror tizim yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Kursning amaliy ahamiyati shundaki, mutaxassislar bioxavfsizlik, biohimoya va xavflarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rishda amaliy mashg‘ulotlar orqali tajribaga ega bo‘ldilar.

Ishtirokchilar Sanepidqo‘mitaning Virusologiya laboratoriyasi faoliyati bilan tanishib, bioxavfsizlikni nazorat qilish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar oldilar.

Kurs yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.