Biologik xavfsizlik: nazariy va amaliy ko‘nikmalar oshirilmoqda

Poytaxtimizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) hamkorligida tashkil etilgan Sanepidqo‘mning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyat boshqarmalarining mutaxassislari uchun “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi 5 kunlik malaka oshirish kurslari yakunlanib, ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Besh kunlik malaka oshirish kurslari tinglovchilarga dunyo standartlari va ilg‘or tajribalar asosida malaka oshirish imkoniyatini yaratib, hududlardan tashrif buyurgan epidemiologlar va yuqumli kasalliklar bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun yangi bilim va amaliy ko‘nikmalar manbai bo‘lib xizmat qiladi. Malaka oshirish kurslarida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, tajribali mutaxassislardan sohaga oid ma’lumotlarga ega bo‘lishdi hamda Sanepidqo‘mning Virusologiya laboratoriyasining ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bu hafta davomida Sanepidqo‘mning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyat boshqarmalarining mutaxassislari uchun “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi 5 kunlik malaka oshirish kurslari bo‘yicha seminarlar bo’lib o’tadi.



