Korrupsiya – jamiyat rivojiga to‘siq

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida “Korrupsiya – jamiyat rivojiga to‘siq” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi rahbariyati, xodimlar, kursantlar ishtirok etdi.

Bugungi kunning dolzarb mavzusiga bag‘ishlangan tadbirni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori O‘.Shukurov ochib, korrupsiya mamlakatning yuksalishi va taraqqiy etishiga jiddiy to‘siqligi, illatga qarshi kurashish barcha davlatlarda eng dolzarb masala bo‘lib qolayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi direktori o‘rinbosari, iqtisod fanlar nomzodi Nodira Zikrillayeva so‘nggi yillarda mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinganiga to‘xtaldi.

Xususan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi yaratildi, qonuniylikni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha normativ huquqiy asoslarni takomillashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga taalluqli, boshqa sohalardagi islohotlar natijasida korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirishga qaratilgan ishlar shular jumlasiga kiradi.

Korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri va uning oqibatlari, korrupsiya va jinoiy javobgarlik, shuningdek, uni oldini olishda har bir fuqaroning mas’uliyati, manfaatlar to‘qnashuvi kabi mavzularga alohida to‘xtalib o‘tilgan tadbirda ko‘plab misollar keltirib o‘tildi.

Tadbirda ishtirok etgan mutaxassis davlat organlari va jamoat tashkilotlari ushbu muammoni hal qilish uchun birgalikda ish olib borish, axloqiy va huquqiy savodxonlikni oshirishga ahamiyat berish kerakligini ta’kidladi.

Bu kabi tadbirlar fuqarolarning huquqiy ongi va axloqiy qadriyatlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.