“Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik, javob harakatlari va qayta tiklash” seminar-trening

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda JSST hamkorligida “Laboratoriya liderlari/rahbarlari uchun global dasturi” (GLLP) doirasida “Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik, javob harakatlari va qayta tiklash” seminar-trening tashkil etildi.
Ushbu trening laboratoriya rahbarlariga favqulodda holatlarda samarali harakat qilish, jamoani boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar beradi.

Trening modullari:
Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni ta’minlash – xavf-xatarlarni aniqlash, oldini olish choralari va rejalashtirish.
Favqulodda vaziyatga javob berish – tezkor choralar ko‘rish, resurslarni boshqarish va koordinatsiya qilish.
Favqulodda vaziyatdan keyingi tiklanish – zararni baholash, faoliyatni qayta tiklash va kelajak uchun himoya strategiyalarini ishlab chiqish.
Seminar-trening ochilishida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori O‘ral Shukurov O‘zbekistonda jamoat salomatligiga xavf soluvchi favqulodda holatlarda milliy laboratoriyalar faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan loyiha amalga oshirilayotgani, bu esa xalqaro hamkorlik asosida GLLP dasturining ishlab chiqilishiga zamin yaratganini ta’kidladi.
Seminar davomida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar, interfaol seminarlar va shaxsiy murabbiylik jarayonlarida qatnashdilar. Bu ularga o‘z sohalarida eng yaxshi amaliyotlar va innovatsion yechimlarni hayotga tatbiq etish imkoniyatini yaratdi.
Maqsad — laboratoriya rahbarlarining yetakchilik ko‘nikmalarini mustahkamlash, favqulodda vaziyatlarda samarali boshqaruv va xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq etishdir.