← Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonda quturishga qarshi maxsus tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazilmoqda

Hayvonlar tishlashi natijasida jabrlangan insonlarga o‘z vaqtida va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish quturish kasalligining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan tibbiyot hamda sanitariya-epidemiologiya xodimlari uchun maxsus antirabik yordam ko‘rsatish bo‘yicha sayyor malaka oshirish kursi tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 19–23-oktabr kunlari o‘tkazilayotgan o‘quv kursida hududiy davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan epidemiolog shifokorlar, travmatologlar, jarrohlar va hamshiralar ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar davomida hayvonlar tishlashi natijasida jabrlangan bemorlarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlarga to‘g‘ri ishlov berish hamda maxsus antirabik yordamni belgilangan tartibda tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, antirabik vaksina va immunoglobulinlardan to‘g‘ri foydalanish, immunobiologik preparatlarni saqlashda sovuqlik zanjiri talablariga rioya etish, tibbiy hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlanmoqda.
O‘quv kursida veterinariya xizmatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Zero, hayvonlar orasida quturish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish kasallikning insonlarga yuqish xavfini kamaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur malaka oshirish kursi tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, aholiga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish hamda quturish kasalligining oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

SanepidRC