“Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi besh kunlik malaka oshirish kurslari

Avval xabar berilganidek, Sanepidqo‘mning Buxoro va Navoiy viloyati boshqarmalarining mutaxassislari uchun “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi besh kunlik malaka oshirish kurslari yakunlandi.
Sertifikatlar topshirish marosimida so‘zga chiqqan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori o‘rinbosari I.Ulugnazarova, UNOPS mutaxassisi D.Rustamov va markazning Xalqaro tajribani o‘rganish, o‘quv-mashg‘ulot jarayoniga zamonaviy ilmiy-metodikani tatbiq etish bo‘limi boshlig‘i D.Kuziyevalar biologik xavflar va yuqumli kasalliklar bugungi kunda barcha mamlakatlar uchun jiddiy muammo ekanini ta’kidlab, mazkur kursda olinayotgan bilim va tajribalar ishtirokchilarning amaliy faoliyatida mustahkam zamin yaratishi hamda aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tishdi.
Besh kunlik malaka oshirish kurslari tinglovchilarga dunyo standartlari va ilg‘or tajribalar asosida malaka oshirish imkoniyatini yaratib, hududlardan tashrif buyurgan epidemiologlar va yuqumli kasalliklar bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun yangi bilim va amaliy ko‘nikmalar manbai bo‘lib xizmat qiladi. Malaka oshirish kurslarida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, tajribali mutaxassislardan sohaga oid ma’lumotlarga ega bo‘lishdi, hamda Sanepidqo‘mning Virusologiya laboratoriyasining ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Malaka oshirish kurslari so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Poytaxtimizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) hamkorligida tashkil etilgan Sanepidqo‘mning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyat boshqarmalarining mutaxassislari uchun “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi malaka oshirish kurslari bo’lib o’tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur malaka oshirish kurslari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) hamkorligida tashkil etilmoqda.



