“Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi besh kunlik malaka oshirish kurslari yakunlandi

Avval xabar berilganidek, poytaxtimizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) hamkorligida tashkil etilgan “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi besh kunlik malaka oshirish kurslari yakunlandi.
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar va Toshkent viloyati boshqarmalarining mutaxassislari ishtirok etgan malaka oshirish kurslarida ishtirokchilarga bioxavfsizlik, biohimoya, xavflarni boshqarish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy bilim va ko‘nikmalari berildi.
Malaka oshirish kurslari yakunida sertifikat topshirish marosimida so‘zga chiqqan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori O‘.Shukurov laboratoriya sharoitida bioxavfsizlik va biologik himoyani ta’minlash milliy sog‘liqni saqlashning ustuvor vazifasi hisoblanishini ta’kidladi. Shuningdek, u xalqaro tajribalardan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash orqali mamlakatimizda bioxavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish muhim ekanini qayd etdi. Mazkur kurslar ishtirokchilari o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, aholi salomatligini muhofaza qilishda salmoqli hissa qo‘shishlari kutilmoqda.
Sanepidqo‘mita mutaxassislari N.Qarshiyeva va G.Radjapbayevalar tomonidan “Biologik xavf darajalari”, “Biologik xavfsizlik tamoyillari” “Bioxavfsizlik bilan bog‘liq materiallar bilan ishlashda xavflarni kamaytirish strategiyalari, bioxavfsizlik hodisalari turlari, xavflarni baholash tuzilishi” va boshqa modullarda ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.
Shu bilan birga, sohaning yetuk mutaxassislari – D.Mirzabayev “Ekologik va texnologik muammo sifatida biologik zarar”, M.Madaminov “O‘ta xavfli infeksiyalarning tabiiy va epidemik o‘choqlarida biologik xavfsizlik” N.Vaxobova “Biologik himoya tamoyillari”, “Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik asoslari” modullarda ma’ruzalari tinglanib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Malaka oshirish kurslari ishtirokchilari Sanepidqo‘mitaning Virusologiya laboratoriyasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Laboratoriyaga tashrif davomida Virusologiya laboratoriyasi xodimi I. Zaitov bioxavfsizlikni nazorat qilish choralari – shaxsiy ishonchlilik va kadrlarni tanlash, yo‘llash, malaka va o‘qitish, jismoniy xavfsizlik, laboratoriya uskunalari va inventarizatsiyani nazorat qilish, chiqindilarni yo‘q qilish va zararsizlantirish haqida tushuntirib berdi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, laboratoriya ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Malaka oshirish kurslari so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.