“Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi malaka oshirish kurslari boshlandi

Bugungi kunda jahon hamjamiyati uchun biologik xavfsizlik masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yuqumli kasalliklarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish va turli biologik tahdidlarga samarali javob berish uchun malakali kadrlarni tayyorlash va ularning bilim hamda ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish biz uchun muhim vazifa hisoblanadi.
Bugun poytaxtimizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar xizmatlari boshqarmasi (UNOPS) hamkorligida “Biologik xavfsizlik va biologik himoya” mavzusidagi malaka oshirish kurslari boshlandi.
Tadbirni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori O‘.Shukurov ochib berib, hozirgi kunda biologik xavflar va yuqumli kasalliklar barcha mamlakatlar uchun jiddiy masala hisoblanishi, mazkur kurs davomida olingan bilim va tajribalar ishtirokchilarga kelgusida amaliy faoliyatida mustahkam zamin yaratib, aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Besh kunlik malaka oshirish kurslari dunyo standartlari va ilg‘or tajribalar asosida malaka oshirish imkoniyatini yaratib, hududlardan tashrif buyurgan epidemiologlar va yuqumli kasalliklar bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun yangi bilim va amaliy ko‘nikmalar manbai bo‘lib xizmat qiladi.
22-26-sentabr kunlari o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslarida Qo‘mitaning Toshkent shahar va Toshkent viloyati boshqarmalarining mutaxassislari ishtirok etmoqda. Kelgusida bu kabi kurslarda Sanepidqo‘mitaning barcha hududiy boshqarmalarining mutaxassislari malaka oshirishlari rejalashtirilgan.