Poytaxtimizda xalqaro trening bo‘lib o‘tdi

2025-yil 15–19 sentyabr kunlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida “Laboratoriya liderlari/rahbarlari uchun global dasturi” (GLLP) doirasida “Laboratoriya faoliyatini tashkil qilish va boshqarish” mavzusida navbatdagi trening o‘tkazildi.

Seminar-treningda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori O‘.Shukurov laboratoriya tizimlarida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mazkur loyiha laboratoriya rahbarlari uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda kadrlar malakasini oshirishda muhim qadam ekanini qayd etdi.

Trening dasturida laboratoriya tizimlari va moliyaviy boshqaruv, xarajatlar tahlili hamda boshqaruvning umumiy ko‘nikmalari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – UZINFOCOM vakili Feruza Abdusamatova “Laboratoriya axborot tizimlari” mavzusida taqdimot o‘tkazib, unda avtomatlashtirilgan LISni joriy etish, ma’lumotlarni himoyalash va kiberxavfsizlik bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berdi.

Trening davomida ishtirokchilar guruhlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, o‘z taqdimotlari orqali bilim va tajriba almashishdi. Tadbir yakunida loyihaning barcha qatnashchilariga sertifikatlar topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, GLLP dasturi inson salomatligi, hayvonlar sog‘lig‘i va atrof-muhit sektorlari laboratoriyalari liderlariga mentorlik yordamini ko‘rsatish va kadrlarni tayyorlash orqali laboratoriyalar milliy tizimini takomillashtirish hamda yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

👉SanepidRC (https://t.me/sanepidrc)👈