O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida “Laboratoriya liderlari/rahbarlari uchun global dastur”i doirasida tanishuv uchrashuvi o‘tkazildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida O‘zbekistonda milliy laboratoriya tizimini rivojlantirish va xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan “Laboratoriya liderlari/rahbarlari uchun global dasturi” (GLLP) amalga oshirilmoqda.
Dasturning rahbarlik-liderlik mavzusidagi trening doirasida tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdilar.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev hamda qo‘mita a’zosi Gulnora Marufova uchrashuv ishtirokchilariga parlamentda qonunlarni muhokama qilish jarayoni, qonunchilik takliflarini ko‘rib chiqish tartibi hamda tegishli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Tashrif davomida ishtirokchilar parlamentning yuqori palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavludaxon Xodjayeva va Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova tomonidan Qonunchilik palatasining faoliyati va vakolatlari, qonunlar va normativ-hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayoni, qonunchilik takliflarini ko‘rib chiqish tartibi haqida ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tishdi.
Tashrif chog‘ida GLLP ishtirokchilari deputatlar bilan uchrashib, milliy qonunchilik tizimidagi islohotlar va turli sohalardagi qonunchilik tashabbuslarini muhokama qildilar.
Ishtirokchilar Qonunchilik palatasining kutubxonasi va muzeyi, yalpi majlis zali faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Bu uchrashuv dastur ishtirokchilari uchun rahbarlik qobiliyatlarini rivojlantirish va davlat boshqaruvi tizimini chuqurroq anglash imkoniyatini yaratdi.