Nutritsiologiyada zamonaviy yondashuv

Bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biri — noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida kelib chiqadigan kasalliklardir. To‘yib ovqatlanmaslik, yoki aksincha — zararli mahsulotlar iste’moli, ovqatlanish va jismoniy faollik o‘rtasidagi mutanosiblikning buzilishi nafaqat individ, balki butun jamiyatning sog‘lig‘iga tahdid soladi.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan “Nutritsiologiyada zamonaviy yondashuv” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda bu haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Anjuman «O‘zbekiston Nutritsiologlar assotsiatsiyasi» hamda TDTU hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori v.v.b. M.Xamrakulova va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi bosh mutaxassisi I.Uluknazarovalar ham ishtirok etdi. «O‘zbekiston Nutritsiologlar assotsiatsiyasi» raisi, professor Guli Shayxova, professor Feruza Azizova, professor Qahramon Xaitov ochilish so‘zida sog‘lom turmush tarzi, ayniqsa bolalar va o‘smirlar ovqatlanish madaniyatini shakllantirishda nutritsiologiya fanining o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
Xalqaro miqyosdagi anjumanda Qozog‘iston, Tojikiston kabi qo‘shni mamlakatlardan nufuzli olimlar ishtirok etib, onlayn platformada nutq so‘zladi. Jumladan, Qozog‘iston Milliy tibbiyot universiteti professorlari Maygul Qaynarbayeva va Akkumis Salxanova, shuningdek, tojikistonlik professor Solex Sharipov nutritsiologiya sohasidagi yangi tadqiqotlarga to‘xtalib o‘tdi.
TDTU professori, gigiyena sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis Feruza Salomova maktab yoshidagi bolalarda ovqatlanish muvozanati buzilishi orqali yuzaga kelayotgan salomatlik muammolari haqida ma’lumot berdi. Professor Nizom Ermatov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston aholisi ovqatlanishidagi real muammolar — me’yordan ortiq uglevod va kam ovqatlanish, ozish va kamqonlikkacha bo‘lgan holatlar haqida so‘z yuritdi.
Anjumanda nutritsiologiyaning tibbiyotning turli sohalari — sport, endokrinologiya, pediatriya, geriatriya va kasb kasalliklari bilan bog‘liq yo‘nalishlariga oid masalalar ham ko‘tarildi. Aynan milliy taomlarni parhezda qo‘llash, biologik aktiv qo‘shimchalarning foydasi hamda oziq-ovqat xavfsizligida xalqaro HASSP tizimining ahamiyati haqida fikr almashildi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan savol-javoblar, taklif va xulosalar so‘ngida soha rivojiga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilindi. Mazkur anjuman nafaqat ilmiy-praktik almashinuv, balki sog‘lom avlodni tarbiyalashdagi yangi g‘oya va takliflar bilan alohida ahamiyat kasb etdi.